Qanday qilib va qaysi holatlarda YATT, XK, OK va MCHJ ochiladi?
Biznesni boshlashda muhim qadam - tashkiliy-huquqiy shaklni toʻgʻri tanlash. Quyida Kapital.uz tomonidan, United Trust konsalting agentligi asoschisi va bosh direktori, ekspert Yuliya Ten hamda Ergasheva Tax Protection asoschisi, soliq maslahatchisi Gulnara Ergasheva bilan birgalikda, qanday nozik jihatlarni hisobga olish kerakligi yuzasidan fikr yuritiladi.
Tashkiliy-huquqiy shaklni toʻgʻri tanlash uchun faoliyat turi va biznes koʻlamini hisobga olish kerak. Boshida byudjetni hisoblab olish va buning uchun kamida oddiy biznes-reja tuzib olish kerak.
Bundan tashqari, soliq solinishini hisoblab olish kerak - THSH notoʻgʻri tanlash ortiqcha soliq yuklamasiga olib kelishi mumkin. Kompaniya ochish bilanoq, soliqlar va majburiy ajratmalar toʻlovi boʻyicha majburiyatlar yuzaga keladi, masalan mehnatga haq toʻlash fondidan - summa unchalik katta boʻlmasa-da, biroq muntazam ravishda toʻlash kerak, va u boʻyicha hisobot berish ham zarur boʻladi.
Kichik va oʻrta biznesda, koʻpincha, tanlov ikkita tashkiliy-huquqiy shakl: xususiy korxona (XK) va masʼuliyati cheklangan jamiyat (MCHJ) oʻrtasida turadi. Shuningdek, ayrim hollarda oilaviy korxonani (OK) roʻyxatdan oʻtkazish yoki yakka tartibdagi tadbirkor (YATT) sifatida ishlash qulayroq. Har bir holatni koʻrib chiqamiz.
Xususiy korxona
Taʼsischining maqomi – faqat jismoniy shaxs. Mulkdorning oʻzi direktor (ijro organi) hamdir; yollanma xodimni rahbar qila olmaydi.
Ustav fondidagi ulushini sotishga (oʻzganining foydasiga voz kechishga) ruxsat etilmaydi.
Korxona mulki yetarli boʻlmaganda, taʼsischi majburiyatlari boʻyicha shaxsiy mulki (yagona turar joyi, uy-joy jihozlari va anjomlaridan tashqari) bilan javob beradi.
MCHJ
50 tagacha hammuassislar boʻlishi (ular orasida yuridik shaxslar ham boʻlishi) mumkin. Yollanma xodim rahbar boʻlishi mumkin.
Ulushni oʻzgaga oʻtkazishga (sotish, hadya qilish yoki boshqa usulda begonalashtirishga) ruxsat etiladi.
Taʼsischilar faqat kompaniya tashkil etilganda kiritilgan mulklari (oʻz ulushlari) bilan javob beradilar, yaʼni xatarlar – kiritilgan ulushlar doiralarida boʻladi.
MCHJ ham, XK ham dividendlardan soliq toʻlaydilar: 5% rezidentlar uchun, 10% norezidentlar uchun. U shakl ham, bu shakl ham har qanday taqiqlanmagan faoliyat turi bilan shugʻullanishi mumkin.
Baʼzida biznes asoschisi va taʼsischisi, direktor ham oʻzi boʻlib, yakka tartibda XK ochishi mumkin boʻlsa ham, MCHJ ochadi. Bunga aks vaziyat ham boʻlishi mumkin: kishi xususiy korxona ochadi, keyin esa biznesga bogʻlangan boʻlib qoladi – masalan, direktor yollab, taʼtilga uchib keta olmaydi (istisno – vaqtincha, vaqtinchalik mehnatga layoqatsizligi, xizmat safari sababli).
Oilaviy korxona
OK — mehnatga layoqatli yoshga yetgan qarindoshlar ishtirokchilari boʻlishi mumkin boʻlgan yuridik shaxs. Taʼkidlash lozimki, bir odam bittadan ortiq oilaviy korxonaning taʼsischisi boʻlishi mumkin emas. Xodimlarning eng kam soni – ikkita, eng koʻp soni esa faoliyat turiga bogʻliq.
OK turar-joy xonalarida (koʻp xonadonli uylarda joylashganlardan tashqari), shaxsiy yoki ijaraga olingan noturar-joy (ishlab chiqarish, hovli oldi, xoʻjalik) xonalarida ham joylashtirilishi mumkin. Biznesni yuritish uchun turar-joy xonalarini noturarjoy xonalariga oʻtkazish talab qilinmaydi (baʼzi faoliyat turlari uchun istisnolar mavjud).
OK shaxsiy mulkdan foydalanishga haqli. Masalan, MCHJ shaxsiy uyida ishlab chiqarishni joylashtirishi yoki ulgurji savdo nuqtasi ochishi mumkin emas, OK esa bunga toʻla haqli. Bunda kommunal xizmatlar jismoniy shaxslar uchun belgilangan tariflar boʻyicha toʻlanadi.
Aynan shuning uchun ham, koʻplab mehmonxona uylari va xostellar oʻzining uy-joy xonalaridan foydalanib, OK ochishi mumkin. Shuningdek, ushbu maqomda koʻpincha zargarlik buyumlari, qoʻl buyumlari, suvenirlarning hunarmandchilik ishlab chiqarishini ochadilar.
Oilaviy korxona har oyda ishtirokchilar oʻrtasida sof daromadni taqsimlashga haqli.
2020-yildan boshlab, mulkdorga toʻlanadigan daromadlar dividendlarga tenglashtiriladi va soliqqa tortiladi.
Yakka tartibdagi tadbirkorlik
Yakka tartibdagi tadbirkor — bu jismoniy shaxs. YATT bankda hisob raqami ochishi, tovarlar va xom ashyo uchun toʻlovlarni amalga oshirishi mumkin, biroq baʼzi litsenziyalanmaydigan faoliyat turlari, masalan umumiy ovqatlanish faoliyati bilan shugʻullanishga haqli emas. YATT uchun ruxsat etilgan roʻyxatda faoliyat turlari sohalari 87 tani tashkil etadi.
YATT uchun soddalashtirilgan soliqqa tortish amal qiladi – yiliga 100 mln soʻmgacha aylanma mablagʻlarda oʻzgarmas miqdordagi JSHDS yoki deklaratsiya boʻyicha JSHDS toʻlash mumkin. Stavka faoliyat turiga va joylashuviga bogʻliq (Toshkent, viloyat markazlari va olis masofadagi hududlar).
100 mln dan 1 mlrd soʻmgacha aylanma mablagʻlarda YATT yillik aylanma mablagʻdan soliq toʻlaydilar, biroq, xohishiga koʻra, QQS va foyda soligʻini toʻlashlari mumkin.
Kalendar yili davomida tovar aylanmasidan 1 mlrd soʻmdan ortiq miqdordagi daromad olgan yakka tartibdagi tadbirkorlar, yuridik shaxslar uchun belgilangan tartibda umumiy belgilangan soliqlar toʻlaydilar (QQS va foyda soligʻi).
Bundan tashqari, 2021-yil 1-yanvardan boshlab YATT oʻz xodimlari uchun JSHDS toʻlaydilar.
“Koʻpincha mijozlardan soliq yuklamasi oʻta katta ekanligi – YATT sifatida ishlash, MCHJ yoki XK qaraganda, ancha foydaliroq boʻlishi haqida eshitib qolaman”,— Yuliya Ten.
Kichik biznes, masalan, kichik doʻkon yoki qahva sotuvchi koʻchma doʻkoncha (chakana savdoning mobil nuqtasi hisoblanadi) rejalashtirilgan boʻlsa, Yuliya Ten YATT ochishni tavsiya qiladi.
Biroq hisobga olinishi kerak boʻlgan, boshqa koʻplab omillar mavjud. Shu oʻrinda, YATT uchun xodimlar soni, faoliyat turiga qarab, cheklanganligini unutmaslik lozim. Masalan, chakana savdoda tadbirkorning oʻzini ham hisobga olgan holda, ikki kishidan ortiq boʻlishi mumkin emas.
Agar yakka tartibdagi tadbirkor biznes koʻlamini kengaytirishga qaror qilgan boʻlsa va kelajakda yirik korxonalar bilan hamkorlik qilishni istasa, yuridik shaxs maqomiga koʻproq ishonch borligini tushunishi kerak. Kompaniyalar, ayniqsa, yirik kompaniyalar sherik sifatida yuridik shaxsni koʻrishni xohlashadi, chunki qonun boʻyicha ular taxminan bir xil huquqlarga egadirlar, jismoniy shaxsga qaraganda, ular bilan har qanday masalalarni hal qilish soddaroq, mumkin boʻlgan nizolarni hal qilish osonroq. Bundan tashqari, ayrim kompaniyalar tenderlarda faqat yuridik shaxslar ishtirok etishlariga ruxsat beradilar.
Misol: bir qiz atelye ochib, oʻzining mualliflik liboslarini tikishni xohlaydi. Uning oltita tikuvchisi bor, demak YATT istisno qilinadi, faqat yuridik shaxs maqomida ishlashi mumkin. Bu yerda materiallar uchun toʻlov bilan bogʻliq masalalar yuzaga keladi - buni faqat pul oʻtkazish orqali amalga oshirish mumkin.
Yakka tartibdagi tadbirkor sifatida doʻkonga borib, naqd pulga matolar sotib olish va kirim qilish mumkin. Chek asos boʻlib xizmat qiladi. Yuridik shaxslar uchun, bank sotib olish uchun beradigan naqd pul aylanmasi soliq organlari tomonidan qattiqroq nazorat qilinadi. Xususan, yuridik shaxsning zaruriy ehtiyojlari uchun bank tomonidan naqd pul berilsa, avans hisoboti berish va unga barcha xarajatlarni tasdiqlovchi hujjatlarni ilova qilish kerak. Masalan, umumiy ovqatlanish korxonalari qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini sotib olish uchun bankdan naqd pul oladilar, biroq baʼzan ushbu mahsulotlarni sotib olinganini asoslab bera olmaydilar.
Qanday qilib roʻyxatdan oʻtkaziladi
Qonunchilikda MCHJ yoki XK ochish uchun ustav fondining minimal hajmi boʻyicha talablar mavjud emas. Toʻgʻri, ayrim litsenziyalanadigan faoliyat turlari uchun buyurtma berish vaqtida ustav fondida maʼlum miqdordagi summaga ega boʻlish zarur.
Ustav fondini nafaqat naqd pul bilan, balki boshqa har qanday mol-mulk bilan ham toʻldirish va uni bir yil ichida shakllantirish mumkin.
Biznesni Davlat roʻyxatidan oʻtkazish va roʻyxatga olishning avtomatlashtirilgan tizimi (DROʻRAT) ofislarida roʻyxatdan oʻtkazish mumkin. Bir nusxada barcha hujjatlarning asl nusxalarini, shuningdek davlat bojini toʻlash toʻgʻrisidagi hujjatni olib kelish kerak.
Bundan tashqari, biznesni onlayn tarzda YAIDXPda roʻyxatdan oʻtkazish mumkin (bunda davlat boji 50% tashkil etadi). Buning uchun, jismoniy shaxsning elektron raqamli imzosini (ERI) olish, soʻngra saytda roʻyxatdan oʻtish kerak. Roʻyxatdan oʻtish uchun ariza, PDF formatida davlat tilidagi taʼsis hujjatlari va muassislar pasportlarining nusxalarini yuborish kerak boʻladi.
Boshqa hujjatlar ham kerak boʻladi:
MCHJ uchun —direktor pasportining nusxasi. Agar taʼsischilar orasida kompaniya mavjud boʻlsa, shuningdek ustav, davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi haqidagi guvohnoma va imzo qoʻyish huquqiga ega boʻlgan xodimning pasportini taqdim etish kerak. Agar taʼsischilar orasida xorijiy fuqaro boʻlsa, uning pasportini va STIR yoki uning vakili pasportining nusxasi va ishonchnoma taqdim qilinishi kerak. Agar taʼsischilar orasida xorijiy kompaniya boʻlsa, savdo reyestridan koʻchirma va vakil uchun ishonchnoma kerak boʻladi.
OK uchun — qarindoshlik aloqalarini tasdiqlovchi hujjatlar nusxalari (tugʻilganlik haqida guvohnoma, nikoh haqidagi guvohnoma va h.k.).
Roʻyxatdan oʻtganda darhol bankni tanlash va hisob raqami ochish mumkin, bu ham onlayn tarzda qilinadi.
Shaklning oxirida qanday soliqqa tortish tizimida – soddalashtirilgan yoki umumiy belgilangan tizimda ishlashni xohlayotganligingizni koʻrsatish kerak.
“Bu oʻta muhimdir, chunki keyinchalik ushbu tanlovni oʻzgartirish juda murakkab boʻladi. Soddalashtirilgan tizimdan umumiy belgilangan tizimga oʻtish oson, aksincha oʻtish esa faqat yilning oxirida mumkin boʻladi”, — deb izohlaydi Yuliya Ten.
Bankni tanlaganda, koʻproq amalga oshiriladigan operatsiyalar uchun komissiyalar va tariflar miqdoriga eʼtibor qaratish kerak. Masalan, agar import-eksport operatsiyalar rejalashtirilayotgan boʻlsa, valyuta ayirboshlash ham koʻp boʻladi, binobarin, ayirboshlash foydaliroq boʻlgan banklar bilan ishlashga harakat qiling.
Keyin nima qilish kerak?
Jismoniy shaxs roʻyxatdan oʻtkazilgandan keyin 10 ish kuni mobaynida soliq organlariga 08-sonli shaklni (elektron koʻrinishda) taqdim etish kerak. Bunday shaklda kompaniyaning STIR, direktor va bosh buxgalterning F.I.O. va bogʻlanish uchun telefonlari, ustav fondi, bank rekvizitlari, taʼsischilarning roʻyxati va ularning ulushlari koʻrsatiladi. Shuningdek, Xalq bankining filialiga roʻyxatdan oʻtkazilganligi haqidagi maʼlumotlarni taqdim etish kerak, chunki korxona, SHJPHda hisobga qoʻyish uchun fuqarolar (xodimlar) haqidagi maʼlumotlarni bankka taqdim etish majburiyatiga ega boʻlgan, ish beruvchi hisoblanadi.
Agar keyinchalik tadbirkor tashkiliy-huquqiy shaklini oʻzgartirishni istasa, buni qilish qiyin emas. YATT yopish va MCHJ ochish ishlarini bir kunda amalga oshirish mumkin: patentni toʻxtatish uchun ariza berish va shu kunning oʻzidayoq MCHJni ochishni boshlashi mumkin.
Agar XK egasi biznesni sherik bilan yuritish istagida boʻlsa, MCHJga aylantirish kerak – ushbu jarayon yagona darchada roʻyxatdan oʻtkaziladi va bu ham koʻp vaqt egallamaydi.
Normativ hujjatlar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 28.10.2016-yildagi PQ–2646 sonli qarori
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 09.02.2017-yildagi 66-sonli qarori
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 17.11.2011-yildagi 306-sonli qarori
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 28.04.2011-yildagi 122-sonli qarori.
«O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi to‘g‘risida»gi qonun